Bugun erta tongdan barcha san'at, adabiyot, sport va xalq hunarmadchiligi namunalari aholini Turkiston saroyiga chorlayotgandek go'yo! Bugun Talabalar festivaliga start berildi. San'at saroyiga yaqinlashar ekansiz, milliy liboslarda, yuzlarida nim tabassumda sizni qarshi olayotgan talaba yigit-qizlarimizni ko'rib beixtiyor shod bo'lasiz ko'nglingiz ko'tariladi. Bir tomondan yosh sportchilarimizning bo'yinlarida osilgan medallar shodasi, ularning bajarayotgan sport mashqlari havasingizni oshirsa, kuy qo'shiqlarga raqsga tushishdan o'zini to'xtatolmayotgan, bugungi zamonga shukronalik, hayotidan mamnunlik hissini tuyayotgan bu azamat yigit- qizlarni ko'rib bahri dilingiz ochiladi.
Qolaversa, yosh ixtirochilarning yangidan yangi kashfiyotlari hammaning ko'zini quvnatib, savollar sandig'ini ochib yubordi. Bu borada yosh hunarmadlarimiz ham o'zlarining ijodiy ishlari ko'rgazmasini tashkil etib o'z ishlarida qadim tariximiz va bugunimizni aks ettirishgani har qachongidanda quvonarli holat. Talaba qizlarning egnida yarashib turgan atlasu adraslar, ularning orzu-umidlaridan darak berib turgandek go'yo. Qalbimda g'urur tuyg'usi alanga oldi. xalqimiz bolajon, mana shunday san'atsevar o'tmishidan kuch olib yoshlarining parvoziga qanot bo'la oladigan xalq. Bundan tashqari saroy binosida 1000ga yaqin turli mavzudagi badiiy kitoblar yarmarkasi ham tashkil etilgan . “Mana shunday katta miqyosdagi festivalda ishtirok etayotganimdan mamnunman”- deydi Tursunova Shohista (O'zbek tili va Adabiyoti Universiteti kutubxonachisi).
Festivaldagi sportchilar chiqishlari hayratimizga sabab bo'lgan bo'lsa, yosh dizaynerlarning moda namoyishi hayratimizni ikki karra oshirdi. Yoshlarning go'zallikka intilishi va muhabbati ezgulikka hamroh ekanligining dalilidir. Festival doirasida yoshlar orasidan “eng yaxshi rassom”, “eng yaxshi hunarmand”, “ eng yaxshi sportchi”, “eng yosh ixtirochi”, “ eng yaxshi dizayner” nominatsiyalari bo'yicha ko'rik tanlovlar o'tkazilib munosiblar taqdirlanadi. Festivalga tashrif buyurgan folkor jamoalarining chiqishlari esa o'tmish qaridan sado berib turibdi. Bu yoshlarning chinakam bayram festivali.
Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi “San’atshunoslik” yo‘nalishi 2-kurs talabasi Pardaboyev Rustam