Мы освещаем новости культуры Узбекистана: театр, кино, музыка, история, литература, просвещение и многое другое. |
|
|
20.06.2022 / 13:41:40
Musiqaga oshno qalblarBugungi kunda yurtimizda musiqa san’atiga davlatimiz tomonidan katta e’tibor berilib, ushbu sohada olib borilayotgan izlanishlar o’z samarasini ko’rsatib kelmoqda. Madaniyat sohasini rivojlantirish uchun mamlakatimizda yaratilayotgan shart – sharoitlar, ayniqsa yoshlarimizda o’z iqtidor va qobilyatlarini rivojlantirish va namoyon etishga undaydi. Kuni kecha O’zbekiston davlat konservatoriyasi o’zining 85 yillik to’yini Respublikada keng nishonladi va shu tadbir ostida bir qancha qiziqarli esda qoluvchi madaniy tadbirlar, ilmiy- amaliy anjumanlar, bir qator konsertlar bo’lib o’tdi. Xalqimiz va musiqa shinavandalari e’tiboriga chet eldan kelgan mehmonlar va mezbonlarning tayyorlagan ajoyib musiqiy tuhfalari taqdim etildi. Ushbu munosabat bilan muhtasham musiqa dargohida 2022 -yilning 15 – iyun kuni O’zbekiston davlat konservatoriyaning Organ zalida «XX asr Klassikasi» deb nomlangan kamer musiqa kechasi bo‘lib o‘tdi. Maskur konsert bir paytlar konservatoriyada tahsil olgan, ayni damda esa chet elning nufuzli musiqa dargohlarida ta’lim olayotgan talabalari Isamitdinova Go‘zal (fortepiano) va Levchenko Sofiya (skripka) tomonidan taqdim etildi. Isamitdinova Go‘zal - musiqiy ta’limini Uspenskiy nomidagi RIMAL da so’ng O’zbekiston davlat konservatoriyasida maxsus fortepiano bo’limida olgan. Sozandalik mahoratini chet elning nufuzli musiqa dargohlaridan birida, jumladan, AQSHning Lin va Marilend unversitetlarida davom ettirdi. Hozirgi kunda u doktoranturada ta’lim olib, birga bir vaqtning o’zida o’qituvchi -assistenti sifatida pedagogik faoliyatini olib bormoqda. Levchenko Sofiya O’zbekistonning Navoiy shahrida tavallud topib, dastlab Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab –internatida, so’ng, Xamza nomidagi musiqa kollejida va O’zbekiston davlat konservatoriyasida skripka bo’yicha taniqli sozanda Vladimir Yudenich sinfida ta’lim olgan. Hozirda u AQSHning New York shahridagi Stony Brook universiteti dotsenti, shuningdek Emerson kvarteti a’zosidir. Konsert dasturidan o’rin olgan barcha asarlar jahon kompozitorlar ijodining sara musiqiy namunalaridir. Ularga XIX-asr ohiri XX-asr boshida yashab ijod qilgan taniqli va yorqin kompozitorlari - Moris Ravel, Aaron Kopland, Lyubosh Fisher hamda Sergey Prokovyevning fortepiano va skripka uchun yaratgan sonatalari tashkil etdi. Dastur ikki ijrochi tomonidan mohirona tarzda tuzilgan deyish mumkin, zero, kontsertning badiiy g‘oyasi to‘laqonli ochib berildi. Sozandalar Sofiya Levchenko va Guzal Isametdinovalarning ta'kidlashicha M. Ravel, A. Kopland, L. Fisher va S. Prokof’evlarning skripka va fortepiano uchun sonatalarini tanlanisihida mualliflar tafakkurlari turfa va xar- xil bo‘lsada, mazkur kompozitorlar asarlarini ushbu dasturda bog‘lab turuvchi “ko‘prik” o’rnatilgan. Buni biz tinglovchilar konsert davomida bevosita tinglashga muvaffaq bo’ldik. Chindan ham, kechani boshlab beruvchi ilk asar M.Ravelning skripka va forepiano uchun 2-sonatasida amerika musiqasiga xos bo‘lgan – djaz va blyuz unsurlaridan foydalangan. Uning ortidan yangrovchi amerika kompozitori A.Kopland asarlarida ham amerika folklori o‘z aksini topadi. Shu sababli, bu ikki sonata yaratuvchi muhit bir-biriga juda yaqin turadi. A.Kopland sonatasining 3-qismi (allegretto giusto) kompozitorning doimiy o‘zgarib turuvchi va ustma-ust kelgan turli musiqiy obrazlar, xarakterlar, kayfiyatlar o’ziga hos “kollaj”da namoyon bo’ldi. Mazkur qismda muallif kompozitor meksikancha kuy ohanglaridan unumli foydalangan. 10 daqiqa tanaffusdan keyin taqdim etilgan uchinchi asar L.Fisherning skripka va fortepiano uchun “Ruches” sonatasi bolib, ushbu kechaning dramatik kulminatsiyasiga aylandi desak mubolag’a bolmaydi. Unda mahobatli organ zali sovuq tun zulmatiga cho‘kdi. Ushbu sonata haqida sozandalardan biri Guzal Isametdinova quydagilarni takidlaydi: “Urushdan keyingi yillarda o‘sha vaqtdagi qalblarda bo‘lgan nohush, qorong‘u ranglarni gavdalantirgan yagona asar...”. Yovuzlik ortidan doim yaxshilik, zulmat ustidan yorug‘lik g‘alaba qozonganidek, kontsert ham L.Fisher sonatasiga keskin qarama-qarshi bo‘lgan va yorqin, hayotbahsh navolari bilan e’tiborni tortgan Sergey Prokofevning skripka va fortepiano uchun 2-sonatasi bilan dasturga yakun yasadi. Xolbuki asar, muallif kompozitor aynan urush davrida (1944-yil) yozilgan bo‘lsada, unda baxtni tarannum etuvchi, xush kayfiyat hukm suradi. Kompozitor urush davrinig qo‘rquv, xavotirlardan qochib, hayot go‘zalligini “kuylagan” kuchiga aylandi. Kontsertning yana bir o‘ziga xos jihati uning, an'anaviy borish yo‘lidan qochib, norasmiy tarzda, ya'ni boshlovchilarsiz ijrochilarning o‘zlari tomonidan asarlar haqida, dastur tanlash, birga ishlash jarayonlari borasida ma'lumotlar berib o‘tildi. Bu esa kontsert zalida tinglovchilar orasida erkinlik va iliq muhit yaralishiga sabab bo‘ldi. Kontsertda tinglovchilar mayin, qalbga xush yoquvchi hayotbahsh ohanglardan tortib, qorong‘u tun zulmatning larzaga soluvchi tuyg’ularni his qildilar. Dasturdan o’rin olgan barcha asarlarni kecha mehmonlari diqqat va e’tibor bilan kutib olindi. Konsert oqshomi tomoshabinlarga ma'qul bo‘lganligidan da stur so’nggida ijrochilarni qarsak sadolari ostida sahnadan quyib yuborishmadi va sozandalar ularni e’tiboriga S.Raxmaninovning taniqli “Vokaliz” asarini hadya etishdi. Kontsert ko‘tarinki ruhda yakunlandi. Sofiya Levchenko va Guzal Isametdinova bugungi kunda O‘zbekiston nomini dunyoga tanitayotgan mahoratli ijrochilar qatoridadirlar, ularga ulkan ijodiy zafarlar tilab qolamiz. O’tkazilayotgan bunday konsert dasturlari tomoshabinlarga ma’naviy ozuqa, madaniy hordiq berishi bilan birga yoshlarimizning klassik musiqaga bo’lgan muhabbatini oshirishga zamin yaratadi va ularda o’zlariga bo’lgan ishonch hamda izlanuvchanglik hissini yanada oshiradi desak adashmagan bo’lamiz. O’zDK san’atshunoslik bo’limi 3-kurs talabalari N.Murodova,O’. Umarova
|
|