Мы освещаем новости культуры Узбекистана: театр, кино, музыка, история, литература, просвещение и многое другое. |
|
|
30.03.2018 / 17:44:51
Bizga qanday teatr kerak?Bizga o'zi teatr kerakmi…? Bugungi kun teatrlari qanday bo'lmog'i lozim…? Bunday savollarni berganlar ko'p, amma javob olganlar oz. Albatta har bir jamiyatga teatr kerak, lekin faqatgina nomi emas. Xalqni to'g'ri yo'lga soladigan, ezgulikka yetaklaydigan, ziyoli bo'lishga chorlaydigan, ularni fikirlashga undaydigan san'at asarlari kerak. Bunday san'at asarlarini qanday teatrdan kutmoq lozim? Qachonki teatr ijodkorlari jamiyatdan kuchliroq fikrlasa, dunyoqarashi keng va shu xalqni yaxshi tushuna olsa, shunda ulardan yaxshi asarlar kutsa bo'ladi. Ammo bunday ijodkorlarni qayerdan topsa bo'ladi? Albatta xususiy teatr studiyalardan. Bugungi kunda har bir mustaqil davlatda xususiy teatr studiyalar bo'lmog'i lozim. Qachonki jamiyatda yaxshi xususiy teatr studiyalar shakllana boshlasa shundagina teatrlar o'rtasida o'zaro ijodiy raqobat kuchayadi va teatr san'ati rivojlana boradi. Agar xususiy teatr studiyalar qancha ko'paysa shuncha yaxshi, ularni ataylab ochish yoki yopishni ham hojati yo'q, faqatgina ularni qo'llab turish kerak xolos. Bunday teatr studiyalarda ijodiy muhit yomonlashib, qo'yilayotgan spektakl tomoshabinlarni o'ziga tortmayaptimi, ular sata-sekin o'z-o'zidan yo'qola boradi. Chunki tomoshabinlarni xususiy teatr studiyalar majburan teatrga olib kelisholmaydi. Bu teatr studiyalarning qulaylik tomonlari juda ko'p, asosiysi ularda har doim ijodiy muhit mavjud bo'ladi, chunki bu teatr studiyalar o'z hisobidan yashaydi, davlat mablag'idan emas. Ammo davlat katta teatrlarida esa qancha ijodiy muhit yomonlashib borsa ham, u teatr o'z-o'zidan yo'qolib ketmaydi. Nimagaki davlat tomonidan bunday teatrlar moddiy tomonlama oziqlantirib turiladi. Biroq bu ijodiy muhiti yomonlashgan, tomoshabinlarini yo'qotgan davlat teatri sekin-asta davlat g'aznasiga ham, jamiyat ongiga ham salbiy ta'sir o'tkaza boshlaydi. Bunday teatrlarni iloji boricha tezroq yopish yoki, shu teatrda ish yuritayotgan ijodiy guruhni almashtirish lozim. Teatr jamiyatga juda tez va kuchli ta'sir o'tkaza oladigan dargohdir. Agar xususiy teatr studiyalar rag'batlantirilib turilsa,ularda o'z-o'zidan ijodiy muhit o'sa boradi, bu o'sish davlat teatrlariga ham ta'sir qilmasdan qolmaydi. Demak jamiyat ravnaqiga davlat rivojiga yaxshi xususiy teatr studiyalar suv va havodek zarur, chunki jamiyat doimo ma'naviy oziqlantirilib turilishi shart. Mana bizga qanday teatr kerak…!
Ahmaddullayev Sohidullo
|
|